Davlat monopoliyasi ostidagi televidenie (1-qism)

Keyingi paytlarda har-xil nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (O'zMTRK) haqida turli-tuman fikrlar bildirilmoqda. 1997–2003 yillarda ana shu ommaviy axborot vositasida shtatsiz muxbir sifatida ijod qilgan bir jurnalist o'laroq, shaxsan o'zim guvohi bo'lgan voqealarni keng xalq ommasiga etkazish va, umuman, O'zMTRKning huquqiy ahvoli haqidagi mulohazalarimni bildirish vaqti-soati keldi, deb o'ylayman.
Unda:
– televidenieda ko'rsatuv muallifi va boshlovchi bo'lish mashaqqatiga to'xtalaman;
– monopolizmga qarshi kurash va O'zMTRKning huquqiy holati haqidagi fikrimni aytaman;
– “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi qonunning tsenzura haqidagi moddasi surbetlarcha oyoqosti qilinganini qiziqarli va, ayni paytda, achinarli misollar bilan keltiraman.
O'zbekistonda televidenie gullab-yashnagan va xalq ko'nglidagi gaplar efirdan baralla yangragan davrlar 1988–1993-yillarga to'g'ri keldi. Bunga sobiq sho'ro davlati kompartiyasi rahbari Mixail Gorbachyov boshlagan qayta qurish siyosati sabab bo'ldi. Ana shu davrlarda xalq chet el telekanallarini emas, balki O'zTV ko'rsatuvlarini miriqib ko'rar va ko'tarilgan muammolarni o'zaro muhokama qilardi.
Televidenieda, hatto, muxolif partiya ko'rsatuviga alohida vaqt ajratilgan va efir orqali hukumat bemalol tanqid qilingandi.
Ayrim o'quvchilar “Nima, hukumatni tanqid qilmasdan yashab bo'lmas ekanmi? Namuncha bu masalaga yopishib olmasanglar?” deyishi aniq. Gap shundaki, televidenie orqali “mamlakatimizda demokratiya kun sayin rivojlanmoqda” deb, deyarli har kuni jar solinadi. Bu bilan odamlar ongiga “bizda demokratik tamoyillarga hurmat bilan qaraladi” degan fikrni muhrlashga urinishadi.
Lekin, “holva” degan bilan og'iz chuchimaydi-da! Telejurnalistlarning dunyoqarashi keng qismi aslida ahvol butunlay boshqacha ekanligini biladilar. Ammo, kuchli davlat mashinasiga qarshilik ko'rsatolmaydilar. Hukumat tanqid qilinmaydigan jamiyatda demokratiya ayanchli ahvolda bo'lishi inkor qilib bo'lmaydigan haqiqatdir.
Gap bilan ish bitta bo'lmagan jamiyatda keng xalq ommasi va hukumat orasida bo'shliq yuzaga keladi. Hozirgi paytga kelib, mamlakatning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoevning chiqishlarida bunday kamchiliklar har-xil ko'rinishda tan olinyapti.
Men O'zbekiston va Turkiya hukumatlari o'rtasida talaba ayirboshlash haqidagi shartnoma bo'yicha 1992 yil oktyabr oyida qardosh mamlakatga o'qishga ketdim. Shuning uchun, 1996 yilgacha O'zbekiston televideniesida qanday o'zgarishlar yuz bergani va sabablariga shaxsan guvoh bo'lmaganman. Aksincha, Turkiya misolida televidenie qanday rivojlanishiga guvoh bo'ldim. 
1990-yillar boshlarida Turkiyada xususiy televidenielar yangi tashkil qilinayotgandi. Men ularning soni yomg'irdan keyin chiqqan qo'ziqorinday tez ko'paygani va so'z erkinligi qanchalik yuksak darajada bo'lganini yaqindan kuzatdim. Boshlovchilar va siyosiy sharhlovchilarning tanqidiy chiqishlari menga tajriba maktabini o'tadi.
Ular har ko'rsatuv yoki chiqishlari uchun minglarcha dollar haq olishadi va telekanallar ularni o'zlariga ishga o'tishlari uchun bir-biri bilan musobaqaga kirishishadi. Chunki, yaxshi boshlovchi va sharhlovchi degani bu – tomoshabin va yuksak reyting degani. Reyting esa – reklama degani. Reklama esa televidenie uchun daromad manbai degani. Oddiy haqiqat bu!
Oldindan jurnalistlik sohasiga, ayniqsa, televideniega qiziqishim kuchli bo'lgani uchun, vatanga qaytgach Turkiya televideniesi rivojlanishi tajribasini qo'llash va televidenie sohasida ham faoliyat yuritishni ko'nglimga tugib qo'ygandim. 1996 yil aprel oyida o'qishni muvaffaqiyatli tamomlab, “ijtimoiy fanlar magistri” darajasi bilan O'zbekistonga qaytdim.
Aholi orasida keng tarqalgan fikrlarga ko'ra, agar “yuqorida” yoki televideniening o'zida yaxshi tanishingiz bo'lmasa, televideniega ishga kirish va ko'rsatuv olib borish imkoningiz bo'lmaydi. Shunga qaramay, men o'z imkonimni sinab ko'rishga qaror qildim.
Turkiya xususiy telekanallaridan birida juda mashhur bo'lib ketgan turkum hajviy ko'rsatuv bor edi. Bitta sonini parabolik antenna yordamida yozib olib, o'zbek tiliga o'girdim. Keyin uni Andijon “Yoshlar” telekanaliga olib bordim. Bu xususiy telekanal 1990-yillar boshlarida vodiyda juda mashhur edi. Rahbarlardan biriga turk hajviy ko'rsatuvi haqida o'zim efirda hikoya qilib bermoqchi va lavhalarga ovoz berib ko'rsatish niyatim borligini aytdim.
Buni eshitgan rahbar “televidenieda o'zingiz ko'rsatuv tayyorlab, olib borishingiz uchun viloyat rahbarlarining ruxsati kerak” dedi. Gapini eshitib, “agar xususiy TV rahbari o'z faoliyatini kattalar nazorati ostida yuritayotgan bo'lsa, unda 1990-yillar boshlaridagi erkinlikdan asar ham qolmabdi” degan xulosaga keldim.
Agar viloyat telekanali chetdan kelganlar efirga chiqishi uchun boshliqlardan ruxsat olishi kerak bo'lsa, unda respublika televideniesi yaqiniga yo'lab ham bo'lmasdi. Bu tajriba shashtimni biroz pasaytirdi.
1997 yil bahorida O'zTV-IV “Xalqaro” telekanalida nogahon “Spektakldan so'ng” ko'rsatuviga ko'zim tushgach, turk hajviyasi ko'rsatuv yo'nalishiga mos tushishini angladim. Ko'rsatuv muallifi bilan telefonda gaplashib, muddaomni bildirgandim, meni uchrashishga chaqirdi. Propusk olib, televidenie binosiga kirdim. Kassetadagi videoni ko'yib, tarjima qilib berdim  muallifga juda yoqdi. Chamasi, bir oycha vaqt o'tib, ko'rsatuvni suratga olish uchun men bosh maslahatchi-tilmoch bo'lib ishlayotgan Oliy Xo'jalik sudiga kelishlarini xabar qildi.
U paytlar ko'rsatuvlar tezkorlik bilan tayyorlanardi. Suratga olish va montaj qilish ilk ikki kunda tugallanib, ko'rsatuv uchinchi kuni efirga uzatilardi. Shunday qilib, ko'rsatuv dushanba kuni tasvirga olingan bo'lsa, seshanbada montaj jarayonida qatnashish va hajviyalarga ovoz berish uchun televideniega bordim. Montaj paytida rejissyor Komiljon Rahimov rosa mazza qilib kulib oldi. Ko'rsatuv tayyor bo'ldi!
Aytgancha, “ko'rsatuv tayyor bo'ldi” degani “ko'rsatuv aynan muallif montaj qilgan shaklda efirga uzatiladi” degan anglamga kelmaydi!
Har kuni ertalab telekanallar rahbarlari odatda, kanal bosh muharriri boshchiligida ana shu kun oqshomida efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko'rsatuvlarni bitta-bitta “ko'rikdan” o'tkazishadi. Aslida bu tsenzuradan boshqa narsa emas! Jurnalistlar orasida “prosmotr” deb atalgan “ko'rik”ning asl maqsadi, asosan, ko'rsatuvda “kattalar”ga yoqmasligi taxmin qilingan so'zlarni olib tashlash, mamlakatimiz jamolini ko'rsatishga “arzimaydigan” kadrlarni “yopish” (o'rniga boshqa chiroyliroq kadrlar montaj qilish degani), “kattalar qahriga uchragani uchun” ko'rsatish mumkin bo'lmagan kishilar kadrga tushib qolgan bo'lsa, o'sha kadrlarni olib tashlashdan iboratdir. Men “prosmotr”dan keyin nafaqat bunday “qaychilab, yaltiratishlar”ni, balki butun boshli ko'rsatuvlar efirdan olib tashlanishi mumkinligini o'z shaxsiy tajribamda ko'rganman.
Men qatnashgan “Spektakldan so'ng” chorshanba kuni efirga uzatilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'ldi. Bundan ruhlangan muallif menga ko'rsatuvning yana bitta sonini shu mavzuga bag'ishlashini bildirdi. Bir yarim oydan keyin hajviyalarning davomi yana mening ishtirokimda efirga uzatildi. Ko'rsatuvning ikkinchi qismini montaj qilayotganimizda rejissyor Komiljon “xuddi avvallari ham montajlarda qatnashgan kishi kabi qiynalmayapsiz, ko'rsatuv olib borsangiz ham bo'lar ekan” dedi.
Shu o'rinda “o'zi huquqshunos bo'laturib, turk hajviyasini ruxsat olmay efirga beribdi” deydiganlar ham topilib qoladi. Gap shundaki, men Turkiyadagi ko'rsatuv huquqi egasi bilan telefonda bog'lanib, O'zbekiston televideniesida namoyish qilish huquqini olish masalasida gaplashdim. Ammo, turk tarafi men taklif qilgan narxga umuman ko'nmadi.
“Spektakldan so'ng”ning turk hajviyalari haqidagi ikkinchi soni efirga uzatilgach, “Xalqaro” telekanal rahbarlaridan biri bo'lgan Asror Abrorxo'jaev meni xonasiga chaqirdi. O'sha paytlar Asror aka Londonda BiBiSi teleradiokorporatsiyasida malaka oshirib qaytgan, u erdan tayyorlab kelgan o'zbekcha ko'rsatuvlari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otgandi. Dunyoga dong'i ketgan ommaviy axborot vositasi (OAV)da malaka oshirgan Asror aka g'arb davlatlarida jurnalistika fakul'tetlari mavjud emasligini, OAVlar turli sohalarda jurnalistlik qobiliyati bor shaxslarni o'zlariga tanlab olishlarini va ular o'z sohalarini yoritish bilan shug'ullanishlarini bilardi, deb o'ylayman.
Asror aka gapni mening “Hurriyat” mustaqil gazetasida chiqqan maqolalarimdan boshladi. 1997 yil yanvar va fevral oyi boshlarida davlat arbobi va iqtidorli jurnalist Karim Bahriev bosh muharrirligida dunyo yuzini ko'rgan gazetaning ilk beshta soni katta shov-shuvga sabab bo'lgan, o'sha beshta sonda mening to'rtta maqolam e'lon qilingandi. “Turkiyada xususiy televideniening rivojlanishi” deb nomlangan maqolam gazetaning oltinchi soni uchun terib qo'yilgandi. Karim aka ana shu sonda prezidentga ochiq xat e'lon qilishini menga aytgandi. Afsuski, demokratiya va so'z erkinligi nihoyatda cheklangan O'zbekistonda buning oldi olinib, Karim akani ishdan olib tashlashdi. Qanday jamiyatda xalq e'tiborini o'ziga tortib, odamlar orasida qo'lma-qo'l bo'lib ketgan gazeta muharriri ishdan olinadi?! Bu – butunlay boshqa mavzu.
Video ilovalar:
1997 yil sentyabr oyida “Huquq va burch” ko'rsatuvida Toshkentdagi “Chorsu” bozori oldidagi mardikor bozorida mardikorlar bilan suhbatlashgandim. Mehnat vazirligidan esa chet elga ishga borish tartibi haqida interv'yu olganman. U paytlar TVda biroz bo'lsa-da, erkinlik bor edi. Hozir mardikor bozorini ko'rsatish ta'qiqlanadi. O'sha lavhalarni quyidagi linkdan tomosha qiling:
https://youtu.be/uWZ6N3A-Csk
Ko'rsatuvni to'liq holda quyidagi linkdan ko'rishingiz mumkin:
https://www.youtube.com/watch?v=dwNIS3xug8E

Baxtiyor Shoxnazarov

2 kommentariya

  1. XOZIR TELEVIDENIEMIZ ENG YuQORI Cho'QQIGA ChIQKAN. Isbotlayman: 1. Odob-axloq mavzusiga oid ko'rsatuvlarda 50 yoshdan o'tgan ayollar (onalar deyishga uyalaman) elkasi, ko'kragi, tizzasi yarim ochiq, yalangbosh (UYaT-E) rosa chaplanib olishib KIYINISh MADANIYaTSIZLIGIDAN IBRAT BULIShIB, iffat, nomusdan yosh avlodga akl o'rgatishib turgani keng imkoniyat yaratilgani emasmi. 2. Boshlovchi maxalliy vakil ya'ni xammasi o'zbek bo'laturib, asosan o'zbek shou biznesi vakillaridan bo'lgan yana sport vakillari bilan bemalol chala-chulpa rus tilida suxbat uyushtirishib, yosh avlodga kanday kilib o'zbek tilini kasitishdek ko'rsatuvlarni tashkil qilishayapti. BU FAXRLI XOLATGA TELEVIDENIENI YILLAB BOTKOK IChIDA Cho'KTIRMAY OLIB YuRGAN RAXBARLARGA MINNATDORChILIK BILDIRIB ULARGA XAYKAL URNATIShIMIZ KERAK AXIR. (bir makolada «goxida tupurgani xam xaykal kerak» degan jumla bor edi). Siz yangilik kiritishni emas, eski uslubni yangi deb kabul kilishni biling.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *