Blogerlar musobaqasiga: O'zbek telekanallaridan ko'nglimiz to'lyaptimi? (Yoxud “Dilbuzar”da hamma yoq tinch)

Yaqin kunlardan beri o'zbek telekanallarini ko'pchilik tanqid  qila boshladi. Shunday qilingani ham yaxshi, negaki tanqid — yaxshi tomonga o'zgarish imkonini beradi, deb hisoblayman. Ammo hanuzgacha o'sha o'zgarishdan darak yo'q. «Ura-urachilik», «bizda hammasi yaxshi», «osmonimiz tinch» qabilidagi balandparvoz gaplardan voz kechilgani yo'q. Televizor murvatini qaysi kanalga olsangiz  «Mustaqillik inshootlari» yozuvi ostida rolik beriladi. Bunday rolikni kimga keragi bor? Imoratu-inshoot ham faxrlanadigan narsami?

Borovskiy tibbiyot kolleji talabasi, tengdoshlari tomonidan kaltaklab  o'ldirilgan Jasurbek Ibragimov ishini olaylik, qaysi bir kanal buni jo'yaliroq yoritdi? Bu mavzu 5-6ta onaxonlarimiz to'planib Qur'on o'qigani uchun ularni «jinoyatchi»ga chiqarish, omma oldida sharmanda qilishdan ko'ra muhimroq emasmidi?!

Yoshi katta otaxon-onaxonlarimiz, internetdan foydalanmaydigan aholi albatta yangiliklarni «dilbuzar» orqali kuzatishadi.  Telekanallarimiz dunyodagi  muhim xabarlarni yoritmasa, internetdan foydalanmaydigan qatlam qaerdan axborot oladi?

Nega bizda telekanallar tekin? Ular qaerdan pul topishadi? Albatta reklamalardan-da! Bekorga biz ayrim telekanallarda har 15 daqiqada reklama roliklarni “miriqib” ko'rmaymiz-ku, axir!

Telekanallarimiz jiddiy islohlarga muhtoj.  Hozirgi holatda o'zbek telekanallari 21 asrda yashamayotgandek.

«Sport tv» — O'zbek sportsevarlari uchun kanal. Bizning yurtda birinchi raqamli sport turi qaysi? Albatta, futbol. Bu «Sport tv» «kuchli beshlik» chempionatlari uyoqda tursin, o'zimizning «Oliy liga» ni ham to'liq yoritib berolmayapti. Viloyatlardan umuman jonli efirdagi futbol yoki birorta ham reportaj yo'q, afsuski. O'sha «Sport tv» dagilar viloyatlarga ijodiy safar uyushtirsa bo'ladi axir, buning uchun ularda etarlicha shart-sharoit va mablag' bor. Lekin bu mablag'lar…

“Formula1”,” Badminton”, “ Tramplindan sakrash”  kabi musobaqa turlari «Sport tv» dagilar uchun birinchi raqamli sport turlari! Bu sport turnirlarida birorta ham O'zbek sportchisi  qatnashmagan bo'lsa ham biz uchun juda “qiziq”. Albatta futbolning muxlislari millionlab odamni tashkil qiladi. Ular uchun millionlab ishqibozlardan foydami yoki kam sonli tomoshalardanmi? Buning javobini hamma ham tushuna olmasa kerak. Va yana u telekanaldagi ayrim sharhlovchilarni hisobga olmaganda, aksariyati noprofessional sharhlovchilardir. To'g'ri, men ularni o'rnida bo'lganimda bu ishni eplay olmas edim, chunki men ularga o'xshab 4 yillab jurnalistika fakultetida o'qimaganman…

Ancha yillar oldin «Sport tv»da Evropa futboli havosi bor edi. Ularni ham o'g'irlab, efirga uzatganligi uchun jarimaga tortilgan edi. «Uzreport TV» telekanali o'zbek futbol ishqibozlari joniga oro kirdi! Keyinchalik yana bir xushxabar tarqalgan edi — «Futbol tv» kanali ochilishi haqida, bu kanal ham ancha kuttirdi!

Yaqinda efir yuzini ko'rgan «tanqidiy va tahliliy» kanal nisbati bilan ishga tushirilgan «O'zbekiston 24» telekanalida juda ham «savodli”lar ishga qabul qilingani ko'rinyapti. Bu telekanallarda noto'g'ri yozish uyat emasmi? Ayniqsa, dunyo bo'yicha efirga uzatiladigan kanalda-ya?!

Ular «Frantsiya» davlati nomini yozishni o'rganishi kerak bo'lgan paytda o'qituvchilar «paxta yig'im-terimi»ga chiqib ketishganmikan? Shuning uchun «Frantsya» deb yozadilar. Lekin bu kanaldan xursand bo'lgan tomonim shuki, kuni kecha yarim tunda Prezidentimiz nutqidan jonli efir uyushtirgani menda juda yaxshi taassurot uyg'otdi. Shuning uchun ham bu blogpost ozgina kech qoldi.

«Yoshlar» telekanalida Prezidentimiz aytganidek «umuman yoshlar havosi yo'q». Bu kanalga boshqa gap ham yo'q.

«Dunyo bo'ylab» telekanalini qoniqarli desa bo'ladi. Lekin uzoqroqqa ijodiy safar qilish vaqti keldi, chamamda.

«Madaniyat va ma'rifat» telekanalida efirga uzatilgan ko'rsatuvdan surat tarqalib ketgandi! Suratda  “MADANIYaT” aks etgandi.

Har narsaning «plyus» tomonlari bo'lgani kabi ko'p tanqidga olingan «Sport TV»ning, oz bo'lsa ham, «plyus» tomonlari bor.

Bu telekanallardagi vaziyatlarni to'g'rilash uchun ancha vaqt talab qilinmaydi! Shunchaki o'z vaqtida ko'proq ish qilinishi zarur. Mablag'larni hammasi telekanal rivoji uchun ishlatilaganda edi, allaqachon vertolyotlardan turib «breaking news» tayyorlashga qurbimiz etgan bo'larmidi…

Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek: «Bo'ldi, ura-ura»chilik davri o'tdi». Bu kanallar ham xalqni ichida yurishi va ularni dardini tinglashi zarur!

Mirjalol Qosimov

4 kommentariya

  1. Uzbekistan 24 telekanalining xatolarini topib tanqid qilishdan oldin tanlovga yuborayotgan postingizni jo’natishdan avval tahrir qilsangiz bo’lar edi, imloviy xatolar qalashib yotibdi. Lekin yaxshi mavzu tanlagansiz, yondashish esa biroz sayoz. Fikrimcha faqat bitta telekanalni to’liq tahlil etganingizda yaxshiroq bo’larmidi… Shunday bo’lsada tanlovda omad tilab qolaman.

  2. O'zbekiston televideniyasining deyarli barcha kanallari mayda-chuyda mavzular bilan o'ralashib qolyapti: mas., mahallalar faoliyati, har xil mayda tele-musobaqalar, tibbiyotga oid ko'rsatuvlar, kulinariya, bichish-tikish va h.k. lar.

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *