Jaholatni ma'naviyat yordamida engishimiz zarur!

«Maqtamanglar. Maqtaydigan davrlar o'tib bulgan. Borini ko'rsatish kerak. Yomon bo'lsa ayamay tanqid qilinglar».

(Sh. M. Mirziyoev)

Maqtovlarga o'rganib qolgan quloqlarimiz vanihoyat Haqqa va xalqqa yoqguvchi so'zlarni ham eshitayapti. Bu holatni har bir fikr bildiruvchilar o'z tafakkurlari doirasida sharhlab bormoqdalar.
Eng asosiysi barchamizning maqsadimiz bitta — bizning xalqimizning ham dunyoni boshqa mamlakatlaridagi odamlar singari farovon turmush darajasida ko'rish. Albatta, bu faqatgina bizlarning hohish-istagimiz va Prezidentimizning chiroyli so'zlari bilan amalga oshadigan ish emas.
Mana shu tushunchani yosh avlodni ongiga singdirish — birinchi qilinadigan vazifa, menimcha. Orzu-istaklar uchun to'lov kerakligini kelajagimiz bo'lgan yoshlar ongida shakllantira olsak, ular o'z kelajaklarini O'zbekistonda qura oladilar. O'qiydilar, izlanadilar, bosh qotiradilar. O'qish va izlanishda bo'lgan odamni boshqa bema'ni fitna (terrorizm va boshqa insoniy dunyoqarashlarga yot bo'lgan) yo'llarga kirib ketishiga vaqti qolmaydi. Bizni johiliyatdan (ota o'z farzandini, farzand esa o'z otasini o'ldirayapti, ona, vaqtidan oldin xomilador bo'lib kolayotgan yosh-yosh qizlar, o'z chaqalog'ini o'ldirib hojatxonaga, soyga tashlayapti, pulga sotayapti, aka-ukalar o'rtasidagi mol-mulk janjallari qonli intixo bilan tugayapti va boshqa odam aqli shuuriga sig'maydigan fojialar majmuasi nazarda tutilayapti) qutqaradigan kuch — bu ma'naviyatdir.

Ma'naviyat — bu birinchi navbatda o'zligimizni anglashdir. Bizlar tarixda kim edigu, hozirgi kunga kelib kim bo'ldik?
ho

Bizlar O'zbeklarmiz! Bizlar ruslar emasmiz, bizlar amerikalik demokratlar emasmiz, bizlar ko'p ming yillik o'z tarixiga, o'zining urfu odatiga ega bo'lgan shijoatli, jasoratli, oriyatli, rostgo'y va ayni paytda tadbirli, oqil va dono afsonaviy Alpomish, Go'rug'li, olimu fozillar — Ibn Sino, Al Beruniy, Al Xorazmiy, dunyoni yarmini o'z tug'i, o'z bayrog'i ostida birlashtirgan Amir Temur, ilm o'qi bilan osmondagi yulduzni urgan Mirzo Ulug'bek va toki tirik ekan dushmanga engilmagan, unga sajda qilmagan Jaloliddin Manguberdilarning avlodlarimiz! Bizlarni hech qaysi millatdan, hech qaysi elatdan kam joyimiz bo'lmagan tarixda. Bizlarni onalarimiz jasoratli, oqila va dono, sharmu hayoli To'maris, Nodira begim va Uvaysiylar bo'ladilar.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, jamiyatimizdagi eng muhim vazifa to'g'ri ta'lim-tarbiya asosida ham jismonan, ham ma'naviy kuchli huquqiy shaxslarni shakllantirishdir. Toki bog'cha bolasi yoshidan haqiqiy kuchli tarbiyani yo'lga quya olmas ekanmiz, bizning jamiyatimizdan tarbiyasiz va haq-huquq nimaligini bilmaydigan avlod etishib chiqaveradi. Shuning uchun ham bolajonlarimizni bog'cha stulchasiga o'tirgan onidan boshlab O'zbekiston Respublikasini Qomusi nima ekanligini o'rgatishimiz lozim.
Chunki «Ilm beshikdan boshlanadi», deydi dono xalqimiz.

Maktablarda toki o'qituvchilar ixtiyoriy-majburiy ishlarga jalb qilinar ekan, maktab o'quvchilari bilimsiz bulib qolaveradi. Toki oliygohlarda poraxo'rlik va korruptsiya bor ekan, talabalar «innovatsion g'oya» nima ekanligini bilmaydigan, kelgusida biror bir rahbar lavozimida ishlasa o'z kelajagini poraxo'rlik, ta'magirlik va korruptsiya ustiga quradigan, ilmga asoslanib emas, balki sharoitga asoslanib yashaydigan kadrlar tizimigagina ega bo'lamiz. Bunday tizim kadrlari niqob (maska) bilan yashaydilar. Ikkiyuzlamachilik, maddohlik, korruptsiya va poraxo'rlikni barcha qirralarini mukkamal egallashga harakat qiladigan zamonaviy, lekin foydasiz mutaxassislar shajarasini vujudga kelishiga o'zimiz, faqatgina o'zimiz sababchi bo'lamiz. Bu tubsiz jarlik va tubanlik yo'lidir. Bunday avlod jamiyatimizni botqoqqa botirib, tizimdagi barcha sohalarni o'ldiradi va oxir-oqibat yana Rossiyagami, Amerikagami yoki Turkiyagami boshimizni egib boraveramiz.

Asl fojia ham mana shunda!

 

Abdul Malik Fozil

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *