“Siz o'zingiz vatan uchun nima qilib qo'ydingiz?”

286 views

Bahs va suhbatlarda biror sohadagi mas'ul shaxslar yo ular javobgar bo'lgan ishlardagi kamchiliklar xolis tanqid ostiga olinsa, ayrimlar “o'zing nimani qoyil qilding?” qabilida haqiqatni aytayotgan insonning og'zini yopishga urinishadi. Mana shunday farosat egalariga aytadigan gapim bor.

Vatan uchun biron nima qilish degani bu olamshumul harakat-u kinolardagi soxta qahramonliklar emas. Har qanday kasb egasining halol bajargan ishi o'zi bir qahramonlik. Hattoki, ish topolmay, maoshsiz va “vaqtincha ishsiz” maqomida yurgan insonning biror jinoyatga qo'l urmay, jamiyatga ziyoni tegmayotgani ham vatan uchun qilinayotgan buyuk ish. Har kim o'z sabri, qobiliyati va lavozimi chegarasida biror yumushni bajaradi.

• Ko'cha tozalovchisining hamma uxlab yotgan paytda, tong otmasdan yo'llarni pokiza qilib qo'yishi qaysidir tadbirkorning yangi ish joylari yaratishidan kam qahramonlik emas.

• Biror shifokorning bemorlarni sidqidildan davolashi biror hokimning shahar yo viloyatni rivojlantirishidagi harakatlaridan ko'ra kam olqishlanadigan ish emas.

• O'qituvchining o'z ishini professional bajarishi biror rahbarning mamlakat rivojlanishi uchun qilayotgan jonbozligidan past baholanadigan yumush emas.

Shunchaki, odamlar ko'pincha OAVda ko'p tilga olinadigan, ekranlarda ko'p ko'rinish beradigan insonlarni (artistmi, sportchimi, mashhur tadbirkor yo rahbarmi) olqishlashga, ularni qahramon sifatida ko'rishga o'rganib qolgan. Ammo, bir chekkada o'z ishini indamay, vijdonan va muhsinlik bilan bajarayotgan qahramonlar yon-atrofimizda. Siz-u biz ularni har kuni ko'cha-ko'yda, oshxonalarda yo bozorlarda uchratamiz. O'sha buyuk qahramonlarning qaysidir biri avtobusga chiqayotgan, yana qaysidir biri yarim kilo go'sht olayotgan va yana biri shunchaki piyoda o'ylanib ketayotgan bo'ladi. Faqatgina ularni TVda yo internetlarda ko'rmaganimiz uchun tanimaymiz, mensimaymiz.

Shu sababli, qaysidir kamchilikni bartaraf etishni ko'zlab, o'rinli tanqidiy fikr aytgan har qanday insonni tergashdan, “o'zing nima qilib qo'yding” qabilida ovozini o'chirishga urinishingizdan oldin bir oz o'ylab oling.

Ehtimol, shu inson yurt uchun katta ish qilgandir. Ehtimol, shu inson o'sha buyuk qahramonlardan biridir.

Abdulaziz SAID

Manba: azon.uz

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.