«Zanjirband fil» qissasi yohud matbuotimiz qachon uyg'onadi?

Mahalliy OAVmiz hamon qandaydir ichki qo'rquv bilan maqolalarni e'lon qilishayotganiga ko'zim tushyapti. Qandaydir bir me'yorni saqlash, undan uzib ketmaslik hislati mavjud. Originallik yo'q. Feysbuk faollaridan biri (Dilshod Odilov) shu haqda bir post qoldiribdi:

Bizda rasmiy yangiliklar yoki suhbatlarda «yanada» degan so'zni qo'shib gapirish anchadan beri odat tusiga kirib qolgan. Masalan, «bank tizimini yanada rivojlantirilishi uchun bu qaror muhim o'rin tutadi», «Turizmni yanada rivojlanishi uchun bu holat turtki bo'lishi mumkin», va hokazo.

«Yanada» degan so'zni qo'shib qo'ymasa, go'yoki bundan oldin rivojlanmagandi, endi rivojlanadi deganday bo'lib qolaman deb o'ylashsa kerak. «Yanada rivojlanishi» deya olish uchun, u soha shundoq ham rivojlangan bo'lishi kerak va mazkur qaror yoki yangilik uni «yanada rivojlanishiga» hissa qo'shishi kerak.

Bo'lar bo'lmas joyga ham «yanada» deyaverishdan odamda istehzoli jilmayish paydo bo'lishi mumkin. Bu fikrga aeroportda yashil va qizil yo'lak yo'lga qo'yilgani haqidagi yangilikni ko'rayotib keldim. «Bu yangilik yurtdoshlarimizning, ayniqsa chet ellik mehmonlarning bojxona rasmiylashtirish jarayonidan o'tishlarini YaNADA QULAYLAShTIRISh VA SODDALAShTIRISh uchun amalga oshirildi» emish. Oldin qulay va soddamidi??

Bu so'zlarga qo'shimcha qilmoqchi edim. Bundan tashqari yana bir qator shablon so'zlar borki, ulardan hech ko'ngil uzib bo'lmayapti.  Ilgari, yodingizda bo'lsa, davlatimiz rasmiy OAV tashkilotlari tomonidan berilgan ma'lumotlar hammamizga yod bo'lib ketgan o'sha «mashhur» matnlar bilan to'lardi: «…mamlakatimizda ro'y berayotgan demokratik islohotlar natijasida…», «…mustaqillik sharofati bilan…», «…barcha sharoitlar mujassam…» va xokazo, va hokazo.

Bugunga kelib, shunga amin bo'lyapmanki, ayrim saytlarimiz bu kabi illatlardan hech qutula olishmayapti. Xabarlardagi so'zlarning mazmun va mohiyati o'sha-o'sha, faqat bizga tanish bo'lgan yuqoridagi iboralar boshqa bir qator «shablon» so'zlar bilan to'lgan. Misol uchun: «…2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo'yicha Davlat dasturiga muvofiq…», «…“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da kerakli ishlar amalga oshirildi…», «…ushbu masalani o'z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida ayni damda maxsus idoralararo ishchi guruhi tashkil etildi…» va hkz.

Abdulla Qahhorning bir gapi bor: bir fil oyog'ida zanjir, temir qoziq atrofida bandi bo'lib, 100 yil aylanibdi. Zanjirni olishibdi. Temir qoziqni sug'urib tashlashibdi. Shundayam fil o'sha doiradan chiqolmay yana 100 yil aylangan ekan. «O'rgangan ko'ngil — o'rtasa qo'ymas» deganlaridek, mahalliy OAVlarimiz hamon «yuqoridagilarning» ko'ngliga ozor bermaslikni o'ylashyapti. Biror cho'rtkesar so'z ishlatmasalar-da, hech kim ularga teginmasa, mahkamalarga chaqirmasa. Eng muhimi shu. Yozgandayam, judaaa ehtiyotkorlik bilan yozishga o'rgangan ayrim jurnalistlarimizni o'sha zanjirband fillarga o'xshataveraman. Menimcha, aynan mana shunday «dovyurak» jurnalistlar o'rniga yangi talantlar kelishi uchun ham ko'p narsalar sodir etilishi zarur. Bugungi kunlarda so'z erkinligi borasida ancha yaxshiroq sharoitga ega bo'lganligimiz bilan, baribir, odamlarda hayiqish bor. Hayiqish yo'qolishi uchun jurnalist va blogerlar o'z tanqidiy qarashlarini erkin ifodalab berishlari va ularni hech kim ta'qib qilmasligi, birov uni «kerakli joylarga» chaqirib olmasligi kerak. Ana o'shandagina juda ko'plab muammolarimizni jurnalist erkin aytishga o'rganadi. Korruptsiya botqog'iga botgan ayrim insonlar to'g'risida nafaqat prezident, balki jurnalist ahli, ya'ni XALQ ham bemalol ayta olishi mumkin bo'ladi. Aytmoqchimanki, qachon prezident «yashil yo'l» ko'rsatadiyu, men ularni boplab tanqid qilaman, degan tushunchalar yo'q bo'lib ketadi va biror tashkilotni tanqid qilish uchun aynan prezidentimizning «ruxsatnoma»larini kutishga majbur bo'lishmaydi.

Behzod Qobulov aytganidek: «Agar OAV o'z ishi bilan shug'ullanganda, davlatimiz shuncha mablag' sarflab xalq qabulxonalarini ochmagan bo'lardi. Odamlarning arzu dodini eshitadigan, davlat bilan xalq o'rtasida ko'prik vazifasini bajarishi lozim bo'lgan biz jurnalistlar og'ir iqtisodiy sharoitni o'nglashga tirishayotgan davlatimizga rostmana elka tutganimizda, ona O'zbekistonning og'riqlarini unutgancha, afsonaviy Susambil, erdagi jannat haqida og'iz ko'pirtirmaganimizda xalq bilan muloqot bu qadar dolzarb ehtiyojga aylanmas edi. Kimdir ichida tan olar, kimdir oshkora, ammo fakt shuki, bugungi OAV ichida internet saytlari xalqqa eng yaqin ijtimoiy institutdir. Aynan internet jurnalistikasi odamlarning kayfiyatini boshqarayapti.»

 Shu narsalarga ham e'tibor qaratish lozim, chamamda.

Temurmalik Tojidinzoda

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *