«I am legend»: kinoga sig'magan o'lmas g'oya to'g'risida

Bunda asl haqiqat bor. Bunda o'lmas g'oya bor!

Bosh rolda Uill Smit o'ynagan «Men afsonaman» ( «Ya — legenda» / «I am legend» ) kinosini ko'rgach, uning aslida kitob asosida yaratilganini bildim (kitob muallifi — Richard Mateson). Kino anchagina tomoshabinning e'tiborini o'ziga tortadigan darajada ishlangan bo'lsa-da, kitobi bilan solishtirganda ancha saviyasiz chiqqan. Kinoda syujet ancha o'zgartirilgan, buning ustiga kitob ifodalagan g'oya va falsafa yo'q bo'lib ketgan.

Kitobda bosh qahramon — sariq sochli, oq tanli odam. Kinoda esa aksincha, qora tanli, qora sochli Uill Smit. Mayli bu tomonining ahamiyati yo'q. Har holda Uill Smit kinoga o'zgacha joziba bag'ishlagan.

Endi esa hammaga tushunarli bo'lishi uchun kitobda asl g'oya qanday bo'lganini qisqaroq ifodalashga harakat qilsak.

«Men afsonaman» kitobida odamlar ularni vampirga aylantiruvchi bakteriya bilan zararlanishadi. Qonga tashnalik boshlanadi ularda. 1940-yillarning o'rtalaridagi adabiyot uchun bunday hayolot egasi bo'lgan muallif ilmiy tushunchalardan ham xabardor bo'lishi kerak edi. Bakteriya qonga tushgach, uni quyultiradi va elim kabi moddaga, insonni esa qonsiragan maxluqqa aylantiradi. Qondagi bakteriya quyosh nuri bilan juda tez reaktsiyaga kirishadi va natijada zararlangan odamlarni halok qiladi. Shu sababdan vampirga aylangan jamiyat a'zolari faqat tunda tashqariga chiqa olishadi. Kunduz paytlari esa mutlaqo qorong'u joylarda jon saqlashadi.

Bosh qahramonda esa immunitet mavjud edi. Birgina u sog'lom inson. Vampirlar bilan to'la dunyoda birgina u haqiqiy inson. Yillar davomida u atrofi qal'adek to'silgan uyida kun kechiradi va faqat kunduz mahalda ko'chalarga chiqadi va … insoniylikdan asar ham qolmagan vampirlarni birin-ketin o'ldiraveradi. Miqdor kundan kunga oshib boradi. Ammo bir kuni uning izidan tushishadi…

Halok bo'layotgan qonsiraganlar, bosh qahramon ularga qarshi kunduz kunlari bir o'zi jang qilayotgan paytda, tunlari tsivilizatsiyani qayta tiklashadi. O'z hokimiyatlarini bunyod etishadi. Politsiya kuchlarini, ishlab chiqarishni va ta'lim sohasini tashkillashtirishadi. Barchasi faqat tunda faoliyat ko'rsatadi. Lekin, endi ularda katta bir muammo bor. Qandaydir yovuz maxluq kunduz kunlari ularni qirib tashlayotgan edi. Xalq endi Kunduzgi Iblisdan ogoh edi. Har oqshom cho'kkanda ular yaqinlarining murdalariga duch kelishardi. Ularning olimlaridan tortib politsiya kuchlarigacha buni to'xtatishdan ojizdek edi.

Va nihoyat vaziyat aniq tahlil qilinib, chora topildi. Maxsus texnika yaratilib, uni ta'qib qilishdi va qo'lga olishdi. Mana u — oxirgi inson. Eng so'nggi ongi butun, har tomonlama sog'lom hazrati inson. Bosh qahramon. Afsona. Uni qatl qilishga hukm qilishadi. Chunki u barchaga, aniqrog'i qonxo'r vampirlarga qarshi chiqqan yagona inson edi. Qonsiraganlarning kushandasi edi.

Kinoda bir it bilan kun kechirib, vampirlarga qarshi dori izlagan harbiy sifatida tasvirlangan qahramon, kitobda mana shunday butunlay boshqacha ifodalangan edi. Kitob g'oyasi ham o'zgacha edi:

«Hamma vampirga aylangan paytda SOG'LOM INSON BO'LISh JINOYaT hisoblanadi!»

Abdulaziz Saidalixanov

2 kommentariya

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *