«Hamma raqsga tushsin!» «Indigo» finali taassurotlari

O'zni dona bilgan ucht-to'rtta nodon
Eshak tabiatin qilur namoyon.
Ular qatorida sen ham eshak bo'l,
Bo'lmasa kofir deb qilurlar e'lon. ©

 

Aytgim kelmagandi, bo'lmadi. Kuni kecha «Indigo» finali tugadi. (Kanal nomini aytmayman, so'ramang). Navoiylik «kalkulyator bola» finalda chiqdi. 2 va 3 xonali sonni 5 xonaga bemalol ko'paytirdi, 5-6 xonali sonlarni 2-3 xonali songa xotirada bo'lyapti! Ginnes rekordi ham xuddi shu natija ekan, ko'z o'ngimizda u rekordni yangiladi (norasmiy, albatta). Men matematikman, shu bolaga kursga qatnasam ham bunday xotiraga ega bo'lib, bu ishni bajarolmasam kerak. Har holda tug'ma qobiliyat ustunligini sezdim va o'rnimdan turib qarsak chaldim! Hakamlar bilan tanishtiray (asosiysi) — Sardor Rahimxon, Halimaxon va yana bir «Nihol» olgan nihol…
Hakamlar u bola og'zaki hisoblaganni kalkulyatorda hisoblab zo'rg'a ulgurishdi, 7-8 xonali sonni o'qib berisholmay donalab aytishmoqda, javobni bitta-bitta raqamlab tekshirishmoqda. Ancha savollar berib bo'lishgach, yigitcha qizishib ketdi, 9 xonali sonni 1 xonaliga ko'paytiraman, aytinglar, dedi. Kamiga qo'shimcha qildi, “lekin buni kalkulyatorda ishlab bo'lmaydi”, dedi. Endi hakamlar oldida “g'oyat mushkul” vazifa turgandi, qo'llariga qog'oz va ruchka olib, millionlar sinfi qarshisida ko'paytirishni, ko'paytirish bo'lganda ham 4-sinf darajasidagi misolni echishdek g'oyat “murakkab” vazifa turgandi. Ishtirokchi-ku, 4-5 soniyada xotirada topadi, lekin bizning dono hakamlarimiz atigi 5 daqiqagina oldin matematikani zarrachayam bilmasligini tan olib bo'lishgan edi.

Tabiiyki, ular qog'ozda bajara olmasliklarini bilgach, “yo'q, ishondik, tan berdik”, deyishdi. Tan berdi, 1-o'rin naqd, dedi men kabi millionlab muxlislar televizor ortida. Tanlov yakunida, bilasizmi, bu bolaga shu «akademik»larimiz nechanchi o'rinni berishdi?

Hushyor turing, tam-taram-tararam: Hech qanday o'rin!!!

1-o'rinni lezginka muzikasiga o'ynagan boshqa bir bolaga berishdi… Yo'q, kalkulyatorsiz hisoblay oladigan, o'zlari aytgandek Ginnesning rekordini yangilab qo'ygan bola bular nazdida qobiliyatli hisoblanmas ekan, chunki uning zehni beqiyos o'tkir bo'lsa-da, bitta aybi — raqsga yaxshi o'ynolmaydi….

Karaxt bo'ldim, balki men iste'dod, qobiliyat deganlarning o'lchovini noto'g'ri tushunamanmikan. Xo'p, men kabilar noto'g'ri tushunsak, nega hakam va
tashkilotchilarning o'zlari izoh berib tushuntirmadi?! “Hoy, xalq, Indigo deb mana bunday ilm-fanni o'rgangan va yoki tug'ma hisobdonlik qobiliyati bilan tug'ilganlarga aytilmaydi, Indigoman degan yoshga birinchi talab jahon musiqalariga qoyillatib raqsga tushish”, deyishmaydimi? INDIGO so'zining ma'nosini gugldan so'radim: “…»deti indigo obladayut vыsokim intellektom, neobыchaynoy chuvstvitelnost'yu. I telepaticheskimi sposobnostyami”, degan ta'rifni topdim.

O'ylab o'yimga etolmadim, bu erda ayb kimda? Aslida bunday katta auditoriyani qamrab olgan tanlovni baholash uchun bu sohada biror ilmi yo'q ashulachilarni hakamlikka tayinlab qo'ygan telekanaldami yoki matematikani bilmasligini o'zi tan olib turib, bu sohada Ginnesni rekordini yangilab qo'ygan 12-14 yosh norasida qatnashchini bir chetga otib, raqsga tushgan bolani iqtidor deb o'rinni berib yuborgan «hakam»lardami?

Yo'q, menimcha, ayb o'sha ishtirokchi «kalkulyator bola»da: balo bormi, shularga ilmingni xor qilib, fanni tushunmagan odamlarga uqtirishga harakat qilib. Ular sen qilgan ishni kalkulyatorda bajara oladi-ku, sening jajji miyangda milliardlab funktsiyalar o'tib ketayotganligini ular tasavvur qilarmidi? Tuzsiz ko'rsatuviga chiqib past ketgandan ko'ra birato'la Ginnesga harakat qilganingda bo'lmasmidiya bolagina?!
Afsus, ming afsus.

Hurmatli telekanal xodimlari, sizlar O'zbekistonni rivojlantirishga o'z hissangizni qachon qo'shasiz, o'zbek xalqini ilm-ma'rifatli qilishga o'z ulushini qo'shadigan tanlovlarni o'tkazib, zehni o'tkir, bilimli yoshlarni oldi-qochdi qo'shiqchi, raqqoslar oldida o'ksitishni qachon bas qilasiz? Qachon telekanallaringizdagi artistlaru otarchilardan vaqt orttirib, olimlar, ziyolilar, ma'rifatparvarlarga ham telekanal orqali o'z ibratli purma'no so'zlarini aytishga imkon berasizlar? Prezident yuritayotgan siyosatda aql-zakovatli, vatanparvar kadrlarga ehtiyoj tug'ilayotgan vaqtda yoshlar ongini sayozlashtiruvchi, ilmli bola qolib engil-elpi sohalarni tanlagan yoshlarni taqdirlayversangiz, olimning qadrini bir pul qilishga hissa qo'shasiz-ku? Yoki shunga ham Prezident aralashib, “etar”, deyishi shartmi sizlarga? Rostdan ham o'rtoqlar, etar-a?

PS: Yuqoridagi to'rtlikning ko'rsatuv mualliflariga umuman aloqasi yo'q.

Isroil Tillaboev, matematika o'qituvchisi

18 kommentariev

    1. «Aytgim kelmagandi, bo’lmadi» degan yozuv o’qisam asabiylashadigan bo’b qoldim. Odamlarga nima ekan-a. Ho’p matematik zo’rakan, lekin menam ko’rdim lezginkaga o’yinga tushgan bolayam yomonmasakan

  1. Zur tv xar bir kursatuvda Jaxon uyalmaydimi tvga direktor bulsa uz urnida chiroylik utirsada bular bumasga chikvurmasdan

Izoh yozish mumkin emas!