O'tkir Qalamtebratar: 2018 – 1988 = 30.  Hozir yoki hech qachon

Xemingueyning men yaxshi ko'radigan bir iborasi bor: Boshladingmi — g'alaba qozon! Bizning boshlaganimizga qariyb yigirma yil bo'lyapti. Ammo… Kutayapmiz! Yana sanoqli soatlardan keyin katta o'yin! Koreya xalqi uchun qanday bilmadim-u, biz uchun bahsning ahamiyati finalga teng. Ular bir necha bor boshlagan ishlarini oxiriga etkazib qo'ygan, bizni esa afsuslar, o'kinchlar, pushaymonlar estafetasidan boshimiz chiqmayapti. Mayli, umid o'lmasin! Balki o'sha biz kutgan katta g'alaba bugundan boshlanar! Ungacha siz bilan xotira daftarini titkilab turamiz. Har holda vaqtni “o'ldirib” turish kerak-ku…

1998-1988 = 10

Eslay olasizmi, futbol yuragingizdan qachon joy olgan? Birinchi ko'rgan o'yiningiz qaysi? Shaxsan meni futbol telbaligiga Vatan jamoasi mubtalo qilgan. 1997 yil. Sentyabr'. 9 yosh edim. O'zbekiston terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari bilan o'ynagandi. Men tomosha qilgan, haqiqatda hayajon va albatta qo'rquv bilan kuzatgan dastlabki futbol bahsi edi bu! Tabiiyki, o'sha paytlarda bu uchrashuv 1998 yili Frantsiyada o'tkazilgan Jahon chempionatining Osiyo qit'asi uchun saralash bosqichi doirasida o'tkazilganiga fahmim etmagan. Biroq, Ravshan Bozorovning so'nggi daqiqalarda urgan golidan keyin, bolalarcha irg'ishlab dadamni quchganim kechagidek esimda… Men tanigan, yoqtirgan, o'yinlariga havas qilgan birinchi o'zbek hujumchisi edi u! Oh, hozir bitta shunday hujumchimiz bo'lganida edi…Umuman, JChga chiqish uchun ilk urinishimizni eslaganimda — BAA bilan ikki o'yin, Bozorov hamda Bugalo (safardagi bellashuvni bir eslab ko'ring-a…) ko'z oldimga kelaveradi.

2002-1988 = 14

Terma jamoamizning ikkinchi urinishi. Ox-ho, bu paytga kelib yaxshigina futbol “tahlilchisi”ga aylanib ulgurgandim. Bu davr — “davri o'tgan” Sal'kov, “o'gay o'g'illar” — Maminov hamda Pashinin, shuningdek Xristo Stoichkovning “chala qarindoshlari” davri edi. Uvol ketgan davr! Terma jamoamiz mundialga “ko'zini yumib” chiqishi mumkin bo'lgan davr! Avstraliya-yu Eron, Yaponiya-yu Koreya, Arabistoni-yu Iroqqa to'qnashmay “to'kilib” ketdi-ya. Biz Sal'kovning “topqirligi”, shunga yarasha Maminovning “parashyuti”, orqasiga “…vich” qo'shimchasi bor futbolchilarga mahliyo bo'lib turganimizda — BAA ayamay savaladi, Ummon, umuman — “duximiz”ni olib qo'ydi (safardagi 0-2, qandaydir yigirma daqiqa ichida 4-2 ga aylanganini unutib bo'larmidi…).

Aslida bizning o'sha paytdagi o'yinimizga eng munosib bahoni o'zi sezmagan holda Bora Milutinovich bergan edi: “Agar shu guruhdan chiqolmasak, o'zimni Buyuk Xitoy devoridan tashlayman!”. Mirjalol Qosimovning Qatar va Ummon darvozasiga jarimadan yo'llagan zargarona gollari uvol ketganiga hozir ham achinaman…

2006-1988 = 18

Bu paytda dadam — “O'zbekistoning qirq yilda ham jahon chempionatiga chiqolmaydi”, – degan xulosaga allaqachon kelib bo'lgan, men esa Toshkentga o'qishga kirib, barcha o'yinlarni stadiondan kuzatish “baxtiga” (qo'shtirnoqning ma'nosini tushundingiz!) musharraf bo'lgan edim. Uchinchi urinish! Germaniyalik mutaxassis bilan boshlab, britaniyalik murabbiy bilan yakunlagan o'sha mash'um bosqichimiz! 2003 yilda yoshlarimizni mundialga olib chiqqan Yurgen Gedega — kattalar bilan ishlash tajribasi yo'qligi pand bergan bo'lsa, Bob Xoutonga “yaponiyalik Gerostrat” halaqit qilgan edi. Gerostrat kim deysizmi? Gerostrat — tarixda o'zidan nom qoldirish uchun Afinadagi etti mo''jizadan biri — Artemedia ibodatxonasiga o't qo'ygan zolim! (yaponiyalikning nomini atayin tilga olmadim).
Umuman, o'sha paytda terma jamoamizning Bahraynga qarshi ko'rsatgan o'yinlarini “mo''jiza”, – deb bo'lmaydi-ku, ammo, agar… Buyog'ini bilasiz! Darvoqe, 2006 yilgi JCh saralashi haqida gapirganda Quvayt bilan Toshkentda o'tgan dramatik uchrashuvni eslamasak insofdan bo'lmas (Shundog'am, terma jamoamiz ishtirokidagi irodali o'yinlar kamyob hodisa hisoblanadi). O'yinni stadiondan ko'rish nasib etmagan. Shundan bo'lsa kerak, haligacha, o'sha kuni bizdan “zachyot” topshirishni talab qilgan domlamizni eslab turaman!

2010-1988 = 22

Xotira daftarimga siyoh tushmagan. Eslashga arzigulik hech vaqo ham yo'q! “Borimiz shu!” degan o'sha mashhur so'z birikmasini — ibora deymizmi, murabbiylarning “formulasi” deymizmi, aytmaganda! Aynan mana shu davrda Inileev tilidan yangragan edi u. Rauf aka o'zi yaxshi mutaxassis-ku (har holda, 2007 yilgi Osiyo kubogi doirasida o'tkazilgan O'zbekiston – Saudiya Arabistoni bahsida terma jamoamiz o'z tarixidagi eng chiroyli o'yinini ko'rsatgan), ammo shu gapni bekor aytgan. Hozir, ikkinchi liga jamoasi murabbiyi ham mag'lubiyatga uchrasa, bezbetlarcha — “borimiz shu” deb turibdi! Xo'sh, yana nima deyish mumkin… Bahrayn va qaysidir (oti esimda yo'q) Abdulrahmonning porlashi, Avstraliyaning xotirjam JChga yo'l olishi va “Qosimov davri — I” inqirozi. Bo'ldi, meni ham yodimda qolgani shu!

2014-1988 = 26

Bu yoshda odam oq-qorani farqlay boshlaydi. O'shanda birinchi marta “Otlar kechuvda almashtirilmaydi”, – degan iboraning mazmun-mohiyatini anglaganman. Aslida, ushbu haqiqat — “bir pulga qimmat cho'pchakka” aylanishini juda-juda istagandik. Bunga bir bahya, to'g'rirog'i O'zbekiston terma jamoasi Rioga uchadigan samalyotga 2 daqiqagina kech qolgandi! Umuman, bu bosqich haqida ko'p gapirmoqchi emasman. Hamma o'zidan o'tganini o'zi biladi. O'sha xatolardan to'g'ri xulosa chiqarilgan bo'lsa bas, shuning o'zi muxlislarga etadi!

Sarlavha va “kichik sarlavhachalar” haqida ikki og'iz. Meni bir yomon odatim bor. Qo'limga kal'kulyator tushsa, tamom, darrov jahon chempionatlari bo'ladigan yillardan — o'zim tug'ilgan sanani ayirib o'tiraman. Buyog'i bolalarcha mulohaza: “Agar bu safar chiqmasa, narigi safar chiqishi mumkin, shunda falon yoshda bo'larkanman!”. O'zbekiston terma jamoasini jahon chempionatida ko'rishni 10 yoshimdan orzu qilaman… Ko'z ochib yumgunimcha yigirma yil o'tibdi. Ammo, umrni ham o'lchab bermagan. Hech kimga! Aytib qo'yay yigitlar, kal'kulyatordagi hisob-kitoblarga boshqa sabrim qolmadi. Jilla qursa, “mana shu jahon chempionatida O'zbekistonni ham ko'rsam armonim qolmasdi”, – deb o'tirgan yoshi ulug' muxlislarni yoddan chiqarmang!

 O'tkir Qalamtebratar

14 kommentariev

  1. Mayli kim ne desa desin
    Babayanham ketsa ketsin
    Ustimdan kim kulsa kulsin
    Bizlarga g’alaba kerak.

    Suriyaham yutsa yutsin
    Mundialga chiqsa chiqsin
    Pley off ga chiqish uchun
    Bizlarga g’alaba kerak.

    Bizning fudbol kundan kunga
    Cho’kayotir ko’l qariga
    Qirg’oqga chiqvolish uchun
    Bizlarga g’alaba kerak.

    Agar chiqsak mundialga
    Ikkinchi mezbon bo’lardik
    Maydonlarni to’ldirardik
    Bizlarga g’alaba kerak.

    Axir, Nahot? shuncha imkon
    To’p tepmoq shunday mushkulmi
    Mahallamdagi bollarham
    Eplar edi go urishni

    Kerak bo’lsa yutar edi
    Kareyayu xitoyini
    Nom Ulug’ suprasi quruq
    Qurutaylik fudbolchilarni.

    Shuncha sharoitdan so’ngham
    Yutolmasak Koreani
    Ko’rnamaklik bo’lar Axir
    Bo’ldi yig’ishtir FUDBOLNI.

    VATAN UCHUN TO’P TEPGANDA,
    YURAGING YONIB TURMASA,
    BALO BORMI FUDBOL O’YNAB,
    MUNDIALGA CHIQOLMASA.
    @HarismanDHamiD

Izoh qoldirish

Vash e-mail ne budet opublikovan. Obyazatel'nыe polya pomechenы *

Etot sayt ispol'zuet Akismet dlya bor'bы so spamom. Uznayte kak obrabatыvayutsya vashi dannыe kommentariev.